Marketing agentligini qanday tanlash kerak: 9 ta savol

Shartnoma imzolashdan oldin beriladigan to‘qqizta savol. Javoblari agentlik siz bilan qanday ishlashini boshidanoq ko‘rsatadi.

Marketing agentligini tanlash — bu narxni solishtirish emas. Bir xil «SMM yuritish» so‘zi ostida butunlay boshqa ish turadi: kimdir oyiga 8 ta post chiqaradi, kimdir sotuv tizimini quradi. Quyidagi savollar farqni birinchi uchrashuvdayoq ko‘rsatadi.

1. Natijani qanday o‘lchaymiz?

Agar javob «obunachi ko‘payadi, qamrov o‘sadi» bo‘lsa, ehtiyot bo‘ling. Biznes uchun o‘lchov — murojaat soni, bitta murojaat narxi va sotuvga aylanish foizi. Bu raqamlar shartnomaga yozilishi kerak.

2. Hisobotni kim va qanday tayyorlaydi?

Yaxshi hisobot ikki savolga javob beradi: pul qayerga ketdi va nima qaytdi. Skrinshotlar to‘plami hisobot emas. Hisobot davriyligini ham aniqlashtiring: haftalik raqamlar va oylik tahlil odatiy amaliyot.

3. Reklama kabineti kimning nomida bo‘ladi?

Bu eng ko‘p muammo keltiradigan nuqta. Reklama kabineti, Business Manager, domen va CRM sizning nomingizda bo‘lishi shart. Aks holda hamkorlik tugagach, butun tarix, auditoriya va statistika agentlikda qoladi.

4. Reklama byudjeti narxga kiradimi?

Aniqlashtiring: xizmat haqi alohida, byudjet alohida. Byudjet to‘g‘ridan-to‘g‘ri reklama kabinetiga tushishi va uning sarfi sizga ko‘rinib turishi kerak.

5. Kontentni kim ishlab chiqaradi?

Suratga olishni kim qiladi, montaj kimda, matnni kim yozadi. «Siz material yuborasiz, biz joylaymiz» modeli ko‘pincha ikki oyda to‘xtaydi — chunki biznes egasining vaqti yo‘q.

6. Lid kelgandan keyin nima bo‘ladi?

Bu savol eng muhimi va uni kam beriladi. Reklama ishlaydi, murojaat keladi — keyin? Agar lid daftarda yoki DM da qolsa, butun byudjet behuda. Agentlik CRM va javob tezligi haqida gapirmasa, u sotuv emas, kontent bilan shug‘ullanadi.

7. Real keyslarni ko‘rsata olasizmi?

Chiroyli rasm emas, aniq raqam va tirik havola so‘rang: qaysi biznes, qanday vazifa, qancha vaqtda, qanday natija. Mijoz nomini aytishga ruxsati yo‘q bo‘lsa ham, jarayon va raqamlarni ko‘rsatish mumkin.

8. Loyihani kim olib boradi?

Sotuvda gaplashgan odam bilan keyin ishlaydigan odam ko‘pincha boshqa. Kim bilan har hafta bog‘lanishingizni va javob berish muddatini oldindan aniqlang.

9. Hamkorlik tugasa, menda nima qoladi?

Strategiya hujjati, brendbook, dizayn manba fayllari, kontent arxivi, CRM bazasi — hammasi sizda qolishi kerak. Buni shartnomada yozib qo‘ying.

Qisqacha xulosa

  • Natija obunachida emas, murojaat va sotuvda o‘lchanadi
  • Kabinet, domen va baza — sizning nomingizda
  • Byudjet va xizmat haqi alohida ko‘rsatiladi
  • Lid kelgandan keyingi yo‘l ham agentlik zimmasida bo‘lishi kerak
  • Barcha hujjat va fayllar hamkorlikdan keyin sizda qoladi

Bepul marketing audit

Biznesingizni ko‘ramiz, lid qayerda yo‘qolayotganini ko‘rsatamiz va nima qilish kerakligini aytamiz. Bepul, majburiyatsiz.

Ma’lumotlaringiz faqat siz bilan bog‘lanish uchun ishlatiladi.

Qo‘ng‘iroq Bepul audit